Aniqlanishicha, vafot etgan 35 yoshli ayol M.Yu.Surkan va uning 5 yoshli oʻgʻli M.P.Surkan Rossiya fuqarosi boʻlib, Toshkentda vaqtincha yashagan. Bolani qutqarmoqchi boʻlgan erkak esa 43 yoshli Vu Dzyunan — Xitoy fuqarosi boʻlgan.
Bola 10-aprel kuni Yakkasaroy tumani, Sharshara koʻchasi boʻylab oqib oʻtuvchi Boʻrijar kanali oldida turganida ehtiyotsizlik oqibatida kanalga tushib ketgan va choʻkkan. Bunga guvoh boʻlgan xitoylik erkak, soʻng bolaning onasi uni qutqarish maqsadida kanalga sakragan.
Bir oz vaqtdan soʻng ona-bolaning murdalari Boʻrijar kanalining Chilonzor tumani hududidan oqib oʻtuvchi qismidan topilgan. FVV Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan olib borilgan qidiruv harakatlari natijasida shu kuni xitoylik erkakning ham jasadi topilgan.
Maʼlum qilinishicha, xitoylik erkak Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonada vaqtincha yashab kelgan. U 2024-yil 26- mart kuni tadbirkorlarga tarjimonlik qilish maqsadida Oʻzbekistonga kelgan.
Ayni paytda holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.