Toshkentdagi Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi restavratsiya qilinadi

    Loyihalarda yodgorliklarga ziyon yetkazilmasligi kafolatlanishi va devor tagi toʻshamasi maxsus obi gʻisht — 250×250×50 oʻlchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon gʻishtidan foydalanish sharti bilan tasdiqlandi.

    Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy ekspert kengashining navbatdan tashqari yigʻilishida Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi tarkibiga kiruvchi bir qator tarixiy obidalarni restavratsiya qilish loyihalari maʼqullandi.

    Qayd etilishicha, 2025-yil 9-aprel kuni Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi. Unda “Hazrati Imom” (Hastimom) majmuasiga kiruvchi bir qator tarixiy obyektlarga oid taʼmirlash-tiklash loyihalari koʻrib chiqildi.

    Jumladan, Zarqaynar koʻchasida joylashgan “Abu Bakr Kaffol Shoshiy” maqbarasi, “Baroqxon” va “Moʻyi Muborak” madrasalari, “Namozgoh” va “Tillashayx” masjidlari boʻyicha taqdim etilgan restavratsiya loyihalari Kengash aʼzolari tomonidan puxta koʻrib chiqilib, bir ovozdan maʼqullandi. Loyihalarda yodgorliklarga ziyon yetkazilmasligi kafolatlanishi va devor tagi toʻshamasi maxsus obi gʻisht — 250×250×50 oʻlchamdagi xumdonda pishirilgan musulmon gʻishtidan foydalanish sharti bilan tasdiqlandi.

    Mazkur ishlar boʻyicha ijro va nazorat Madaniy meros agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va “Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasiga yuklatildi.

    Shuningdek, Navoiy viloyatidagi “Qiziltepa tarixiy muzeyi”ni taʼmirlash va Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida joylashgan “Manak ota ziyoratgohi”da maqbara hamda yordamchi binolar qurish loyihalari ham Kengash tomonidan maʼqullandi.