Metro nafaqat transport tizimi, balki turizm rivojida muhim ahamiyatga ega. Maʼlumotlarga koʻra, 1966-yildagi halokatli zilzila sabab Chilonzor metrosining 9 bekatdan iborat birinchi liniyasi qurilish ishlari boshlangan. Shuningdek, eng eski bekatlar bu Olmazordan Amir Temur xiyobonigacha boʻlgan bekatlardir.
Chilonzor liniyasining uzunligi oʻsha yillari 11,7 km.ni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib 59,5 km.ga yetgan.
“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati rahbari Toʻychi Mirzayevning OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, bugungi kunda harakatdagi vagonlar soni 256 ta. Har kuni 64 ta poyezd 620-630 mingdan ortiq yoʻlovchini tashiydi. Yangi harakat tarkiblari xarid qilinganidan soʻng mavjud poyezdlar bosqichma-bosqich yoshartirilishi rejalashtirilgan.
2001-yildan buyon “Mingoʻrik”, “Yunus Rajabiy”, “Bodomzor”, “Shahriston” “Minor”, “Abdulla Qodiriy” kabi 6 ta metro bekati barpo etildi.
Shuningdek, 2020-yilda Toshkent metropolitenining 7 ta yer usti halqa yoʻli va 5 ta Sergeli yoʻnalishi ishga tushirildi, Yunusobod yoʻnalishiga yana ikkita bekat qoʻshildi. 2020-yilda qoʻshimcha 14 ta metro bekati qurildi.
Yangi metro bekatlarining barpo etilishi, yoʻnalishlarning shahrimizning chekka qismigacha yetkazilishi koʻpchilikning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qildi, desak xato boʻlmaydi.
Xoʻsh, bugungi kunda foydalanishga topshirilayotgan metro stansiyalarining xavfsizligi qay darajada taʼminlangan?
– Toshkent metropolitenining barcha bekatlari 9 va undan yuqori balli zilzilaga bardoshli etib barpo etilgan, – deydi Toʻychi Mirzayev. – Mavjud metrolar qor-yomgʻirli mavsumlarda muntazam texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Poyezdlarni saqlash va taʼmirlash ishlari depoda amalga oshiriladi. Deponing texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash majmuasi yer usti ustida joylashgan.
Yer usti halqa yoʻnalishining 2-bosqichi boʻyicha yana 7 metro bekati qurilishi davom etmoqda. Kelgusida Qoʻyliq 7-metro bekatidan Sergeli 5-metro bekatiga ulanadi.