Maʼlum qilinishicha, 14-dekabr kuni Oʻzbekistonda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ish boshladi.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbariyati, ITSV, Savdo-sanoat palatasi, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari vakillari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Yarmarkada jami 3 ming 185 ta sanoat va hududiy korxonalar ishtirok etib, 5 ming 169 dona mahsulot turi namoyish etilmoqda.

Nashrning taʼkidlashicha, mazkur yarmarka mamlakat tadbirkorlari oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni koʻpaytirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilmoqda.