Katta maydon bo'ylab keng yoyilgan baland binolarning kiraverishiga yozilgan “Texnopark” so'zini o'qigan inson “bu qanday park ekan”, degan hayolga borishi tabiiy. Inshootning zamonaviy qiyofasidan hayratlanayotgan o'sha kishilarga “bu park emas”, deyishga shoshilmang. Boisi, eng ilg'or texnologiyalar asosida import o'rnini bosuvchi texnikalar ishlab chiqaradigan korxonalardan iborat “Texnopark”ni aylangan odam o'zini haqiqatan zamonaviy qurilmalar “xiyoboni”da yurgandek his etadi.
2019 yilda Toshkent shahar Yashnobod tumanida tashkil etilgan ana shunday katta hududga ega “Texnopark” MCHJda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yil boshida investitsiya asosida elektron gaz hisoblagichlar va maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan edi. Noyabr oyida yana 4 ta yirik loyiha — lift va eskalatorlar, forma va qoliplar, suv nasoslari va sanoat konditsionerlari hamda sovutish tarmoqlari ishlab chiqarishga start berilmoqda. Texnopark bo'ylab tashkil etilgan media-tur davomida jurnalistlar zamonaviy korxonalardagi qizg'in ish jarayoni bilan tanishdi.
Press-tur ishtirokchilarining ilk manzili lift va eskalatorlar ishlab chiqarish korxonasi bo'ldi. Shu yerning o'zida chiqarilgan eskalator yordamida bir zumda yuqoriga ko'tarilgan mehmonlar zamonaviy, shinam va betakror dizaynga ega liftlarni ko'rib, hayratini yashira olmadi. Ayrimlar hatto, bu liftlar o'zimizda ishlab chiqarilayotganiga ishonmadi ham. Ammo “Texnopark” MCHJ lift va eskalator ishlab chiqarish zavodi rahbari Rustam Davlatxo'jaevning tanishtiruvi hamda ish jarayonining bevosita amalga oshirilishi shubhalarni tarqatib yubordi.
— Korxona asosiy 2 ta binodan iborat bo'lib, ishlab chiqarish maydoni 12,5 ming kvadrat metrga teng, — dedi Rustam Davlatxo'jaev. — Loyiha Yaponiya va Xitoy qo'shma korxonasi “Shanghai Mitsubishi” bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Zavodda yo'lovchi tashuvchi, yuk tashuvchi, panaramali va kasalxonalar uchun mo'ljallangan hamda buyurtmachilarning talablari asosida turli xildagi liftlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Loyihaning umumiy qiymati 12,2 million AQSH dollariga teng bo'lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 2 ming donani tashkil etadi. Bizda liftlarga buyurtmachi korxonaning nomi aks etgan logotiplarni tushirib berish imkoni ham bor. Hozir bu erda 200 dan ortiq ish o'rni yaratilgan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan liftlar qator afzalliklari bilan ajralib turadi. Ular barcha turdagi binolar, ma'muriy idoralar, savdo va ko'ngilochar komplekslar, turar-joy majmualari, mehmonxona va shifoxonalarda foydalanishga mo'ljallangan. Eng qulay tomonlaridan biri, ushbu liftlar favqulodda vaziyat yoxud elektr toki o'chib qolgan vaqtlarda kabina ichidagi mijozni bitta pastgi qavatga tushirib, avtomatik tarzda eshikni ochib beradi. Bu esa yo'lovchilarning turli noqulay holatlardan xavfsiramasdan, liftlardan doimiy foydalanishiga zamin yaratadi.
Shu yilning 20 noyabr kuni Prezidentimiz “Texnopark” MCHJga tashrifi davomida Toshkent va boshqa shaharlardagi ko'p qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bog'liqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat ko'rsatish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. Shu jihatdan, ishlash muddati o'tib qolgan liftlarning o'zini hisobga olsa, respublika bo'yicha minglab eskirgan liftlarni yangisiga almashtirish zarur. Ayni paytda korxona bu boradagi buyurtmalarni olish hamda yangi qurilayotgan uylar uchun liftlar ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Shuningdek, loyixaning xavfsizlik va sifat ko'rsatkichlariga to'liq javob berishini ta'minlash maqsadida korxona hududida balandligi 60 metr bo'lgan sinov minorasi tashkil qilingan. Ushbu turdagi ishlab chiqarish majmualarining ajralmas bo'lagi hisoblangan bunday sinov minorasi O'rta Osiyoda yagonaligi bilan ajralib turadi.
Mahalliylashtirish darajasi ortmoqda
Mintaqada yagona bo'lishi kutilayotgan loyihalardan yana biri “Suv nasoslari ishlab chiqarish” bo'lib, uning umumiy qiymati 8,7 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 550 ming dona. Ishlab chiqaruvchilar mahalliy bozorga 4 tur, 10 xil modeldagi mahsulotlarni etkazib berish va ularga bo'lgan import talabini bosishni maqsad qilgan. Bu erda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar maishiy hususiyatga ega bo'lib, asosan uy va qishloq ho'jaligi, tomchilab sug'orish va issiqxona komplekslari, shuningdek, maishiy suv isitish tizimlarining ajralmas qismi sifatida foydalanishga mo'ljallangan.
“Texnopark”ning sanoat konditsionerlari va sovutish tarmoqlari ishlab chiqarish bo'limida 300 ta yangi ish o'rni yaratishga erishilgan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 80 ming dona bo'lgan mazkur loyiha nafaqat O'zbekiston, balki MDH davlatlari orasida yagona hisoblanadi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida bugungi kunga qadar faqat import mahsuloti sifatida xorijdan olib kiriladigan sovutish tizimlari o'rnini mahalliylashtirish darajasi yuqori bo'lgan mahalliy mahsulotlar hisobiga qoplash imkoniyati yaratiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan ijtimoiy soha ob`ektari va qishloq xo'jaligida (sovutish omborxonalari) birdek foydalanish mumkin.
“Press-forma va qoliplar ishlab chiqarish” bo'limida esa sovutilgan xolda shtamplash yo'li bilan metallga shakl beruvchi qoliplar va quyish yo'li bilan plastik mahsulotlarga shakl beruvchi press-formalar ishlab chiqariladi. Shu turdagi boshqa press-forma uskunalari bir daqiqada 5 ta detal ishlab chiqarsa, ushbu korxonada bu ko'rsatkich bir daqiqadi 20 ta detalni tashkil etadi. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 200 donaga teng.
Umumiy qiymati 7,7 million AQSH dollarni tashkil etuvchi mazkur loyihaning hamkorlari jahonga mashhur Yaponiyaning “Sodick”, Turkiyaning “Istanbul Makina” va Germaniyaning “Wilhelm Oberste-Beulmann GmbH & Co.KG” kompaniyalari xisoblanadi. 2021 yil yakuniga qadar jamiyat tomonidan import o'rnini bosuvchi va eksportga mo'ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda sifatli xizmat ko'rsatishni tashkil etishga qaratilgan yana 11 ta yirik investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilishi, buning natijasida 7 mingga yaqin yangi ish o'rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Eng zamonaviy texnologiya va tezkor texnikalar asosida keng ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan mazkur Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri yuqoridagi mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasini oshirishdan iborat. Ushbu yirik sanoat maydonidagi barcha loyihalarni amalga oshirish natijasida 2021 yilda 520 million dollarlik mahsulot tayyorlash va 105 million dollarlik eksport qilish ko'zda tutilgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri