Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga koʻra, agentlik va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sogʻliqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosi yuzasidan Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida byudjet mablagʻlaridan foydalanish va tizimdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalari boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.
Oʻrganishda tibbiyot muassasasida byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va talon-toroj qilish, amalda bajarilmagan ishlar uchun oylik ish haqi toʻlanishi, tibbiy jihozlardagi kamomad, davlat xaridlari jarayonlari bilan bogʻliq qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan, tashkilot mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda shifoxonada amalda bir qator lavozimlar mavjud boʻlsa-da, boshqa fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzgan va amalda biror-bir bajarilmagan ish uchun ularga doimiy ravishda oylik ish haqi toʻlab kelingan. Natijada juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan.
Yuqoridagilarga koʻra, agentlik taqdim etgan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.