“Fly Dubai” aviakompaniyasining Toshkent — Dubay yoʻnalishida FZ-1942 reysini amalga oshirayotgan samolyot Toshkent vaqti bilan soat 07:37 da Eronning Sheroz shahri aeroportiga favqulodda qoʻnishni amalga oshirdi.
Favqulodda qoʻnishga samolyot ekipaj aʼzolaridan birining ahvoli yomonlashgani sabab boʻlgan. Shundan soʻng, ekipaj tomonidan eng yaqin aeroportga qoʻnish haqida qaror qabul qilingan.
Bortida 172 yoʻlovchi boʻlgan samolyot Toshkentdan soat 04:37 da havoga koʻtarilgan va Toshkent vaqti bilan 07:50 da Dubay aeroportiga qoʻnishi kerak edi. Biroq majburiy qoʻnish tufayli parvoz kechiktirilmoqda. Fly Dubai barcha yoʻlovchilarni oziq-ovqat hamda ichimlik suvlari bilan taʼminlagan. Hozirda samolyot Dubayga uchishga hozirlik koʻrmoqda.