баннер
1 Fev 2025
01:04

    Toshkentdan Nyu-Yorkka uchayotgan samolyotda chaqaloq tugʻildi

    Ekipaj uchoqni Islandiyaning Keflavik shahridagi zaxira aerodromiga majburiy qoʻndirdi.

    Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan HY101 reysi bortida bola tugʻildi.

    Bu haqda aviakompaniya axborot xizmati xabar berdi.

    Xabarda aytilishicha, parvoz davomida yoʻlovchilardan birida tugʻruq boshlangan. Ekipaj brigadasi boshqaruvchisi vaziyatni baholab, ovozli eʼlon orqali samolyotdagi shifokorlarni yordamga chaqirgan.

    Chaqiriqqa yoʻlovchilar orasidagi shifokor-akusher va jarroh javob bergan. Bir oz vaqt oʻtib, yoʻlovchi oʻgʻil farzandini dunyoga keltirgan.

    Shu munosabat bilan ekipaj Islandiyaning Keflavik shahridagi zaxira aerodromiga majburiy qoʻnish qarorini qabul qilgan.

    «Samolyot muvaffaqiyatli qoʻnganidan soʻng, tibbiyot xodimlari bortga koʻtarilib, zarur yordam koʻrsatishdi. Ona va chaqaloq mahalliy klinikaga yetkazildi», — deyiladi xabarda.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech