Toshkentga kirib kelayotgan “Matiz” haydovchisi yonidan oʻtkir hidli oʻsimlik topildi

    Shu yilning 7-oktyabr kuni Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib kelayotgan “Matiz” rusumli avtotransport vositasi haydovchisining yonidan sigaret qutisi ichiga yashirilgan narkotik moddasiga oʻxshash oʻtkir hidli quritilgan oʻsimlik topildi.

    Bu haqda Ichki ishlar vazirligi YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahar, Olmazor tumanida Shifobaxsh suvlar koʻchasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Hamidov, PPX R.Mamadiyev va Kinologiya xizmati xodimi A.Raximovlar tomonidan, Toshkent viloyatidan poytaxtga kirib kelayotgan Matiz rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, avtomashina yoʻlovchisi 1995-yilda tugʻilgan Sh.X. oʻzini tutishi va gap soʻzidan xodimlarda shubha uygʻotgan, xolis va guvohlar ishtirokida tekshirilganda, yoʻlovchi Sh.X.ning yonidan, sigaret qutisi ichiga yashirilgan narkotik moddasiga oʻxshash oʻtkir hidli, quritilgan oʻsimlik moddalari topilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro Sh.X. va aniqlangan modda Olmazor tumani IIO FMBga topshirildi.