Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oylik doirasida poytaxt IIBB, DXX, prokuratura, Milliy gvardiya hamda Uchtepa tumani IIO FMB xodimlarining hamkorlikdagi tadbirlarda, tumanda yashovchi Sh.N.ning xonadoni koʻzdan kechirildi.
Tekshiruvda xonadon egasining tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan 3 tup, 2 qop, 2 ta sellofan paket, 1 gugurt qutisi, 1 ta qogʻoz oʻrami, shuningdek yertoʻlada 12 ta 3 litrlik bankada, 6 ta oʻramda yashil rangli, oʻtkir hidli oʻtsimon moddalarni saqlab kelganligi maʼlum boʻldi. Toʻplangan hujjatlar Tergov boʻlimiga taqdim etilgan.
Shuningdek, oylik doirasida Chilonzor tumani IIO FMB tezkor qidiruv xizmati xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tadbir davomida yana bir jinoyatga chek qoʻyildi.
Tumanda joylashgan sport zalining masʼul xizmatchisi, 1987-yilda tugʻilgan Sh.ning yonidan 2 dona polietilen paketga solingan oʻtkir hidli, oq kukunsimon modda topildi. Mashgʻulotlar zalining dam olish xonasi koʻzdan kechirilganda esa 1 dona mumiyosimon modda solingan polietilen paket, elektron tarozi, oʻtkir tigʻli pichoq va ichki qismida jigarrang dogʻlari boʻlgan yelim idish huquq-tartibot idoralari xodimlari eʼtiboridan chetda qolmadi.
Mazkur holat boʻyicha toʻplangan hujjatlar tuman IIO FMB Tergov boʻlimiga taqdim etilgan.
Hozirda ikkala holat yuzasidan Tergov boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.