Toshkent Fotosuratlar uyida O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi Umida Abdurazzoqovaning shu nomdagi shaxsiy fotoko'rgazmasi ochildi. Ko'rgazma Toshkent shahridagi Chig'atoy, Sag'bon, Farobiy, Suzuk-ota, O'qchi ko'cha va mahallalarida 2015-yildan boshlab olgan fotosuratlardan tashkil topgan.
Muallif bu joylardan 80-100 yillik tarixga ega ta'mirlangan va ta'mirlanmagan uylarni topib fotosuratini olgan.
Ekspozitsiyadagi fotosuratlarda tomoshabin o'tmishda o'ziga xos uslubda qurilgan (bo'lib turadigan zilzilalarni hisobga olib qurilgan) ayrim turarjoylarning ichki va tashqi ko'rinishlari, uy bezaklardagi ranglarga e'tiborni, urf-odatlarni, turmush tarzimiz tarixidan lavhalarni insoniy intilishlarni ko'radi.
Muallif 1957-yilda tug'ilgan. Toshkent davlat universitetida (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi Milliy universitet)ning fizika fakul`tetida o'qigan. Fotosurat bilan etuk yoshida shug'ullana boshlagan. 2009-yildan respublika va xalqaro ko'rgazmalarda qatnashmoqda.
Hasan Abdunazarov