Toshkent–Shanxay oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi

    Transport 4 Iyul 2025 2041

    Oʻzbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Toshkent–Shanxay yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, mazkur yoʻnalish orqali Oʻzbekiston va Xitoyning ikki yirik, strategik ahamiyatga ega shaharlari – Toshkent va Shanxay muntazam aviaqatnov bilan bogʻlandi. Aviaqatnovlar haftasiga ikki marta – dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.

    Toshkent va Shanxay oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovining yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama investitsiyalarni ragʻbatlantirish, turizm va madaniy almashinuv salohiyatini oshirish uchun yangi istiqbolli imkoniyatlarni yaratadi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalish logistika jarayonlarini soddalashtirib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tovar ayirboshlashni jadallashtirish, yuqori qiymatli va tez yetkazilishi zarur boʻlgan yuklar aylanmasini faollashtirish imkonini beradi.

    Yangi reys orqali Oʻzbekiston fuqarolari uchun Xitoyning iqtisodiy markazi – Shanxayga tez va qulay sayohat qilish imkoniyati paydo boʻldi. Shuningdek, xitoylik sayyohlar uchun Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy meros obidalarga safar qilish uchun qulay darvoza ochiladi. Bu esa oʻzaro turistik oqimni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va taʼlimiy aloqalarni faollashtirish, xalqaro festivallar, koʻrgazmalar, talabalar va mutaxassislar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha poydevor yaratadi.

    Bu muhim tashabbus Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpin oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi boʻldi.