Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, spirt sohasidagi korxonalarni xususiylashatirishdagi jahon tajribasi hamda Aktiv faoliyatining kompleks chuqur tahlillari (due-diligence), shuningdek, xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi tavsiyalariga asosan 51 % davlat aksiyalari paketini sotish jarayonlari raqobat tamoyillari asosida ommaviy tanlov yoʻli orqali amalga oshirildi.

“Abrau Capital va Centil” konsorsium kompaniyalari sotish jarayonlari uchun xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi sifatida hamda “Baholash va Konsalting Markazi” MCHJ davlat aksiyalari paketini baholash ishlari uchun raqobatga asoslangan tanlov asosida jalb etilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida 2022-yilning 2-aprel kuni Aktivning 51 foiz aksiyalar paketini sotish jarayonlari boshlanganligi toʻgʻrisidagi eʼlonga muvofiq, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarning sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalari qabul qilingan.

Konsultant tomonidan “Bektemir spirt eksperimental zavodi” AJ boʻyicha investitsiya tizeri 38 ta salohiyatli investorlarga yuborilgan.

Mazkur davlat aksiyalar paketini sotib olish boʻyicha xorijiy va mahalliy talabgorlarning qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalari qabul qilingan va raqobat muhiti taʼminlangan.

Qayd etish joizki, kelib tushgan takliflar oʻrtasida Aktivning strategik hamkori hisoblangan (2021-yilning oʻzida Aktivning 80 foiz spirt mahsulotlari birja savdolari orqali “Toshkentvino kombinati” AJ tomonidan sotib olingan), Aktiv faoliyatining kelgusi rivojlanishiga kafil boʻla oladigan, kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirini toʻliq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli boʻlgan “Toshkentvino kombinati” AJ qoʻyilgan talablarga toʻliq javob bergan va u tomonidan taklif etilgan narx taklifi boshqa talabgorlarning narx taklifidan hamda maslahatchi va mustaqil baholash tashkilotining baholagan narx qiymatidan yuqori.

Shuningdek, spirt va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda raqamli markirovkalarni joriy etilishi “Toshkentvino kombinati” AJ uchun butun taʼminot zanjirini yakuniy isteʼmolchilargacha yetkazib berishni kuzatib borish va biznesni yanada samarali boshqarish imkoniyatini yaratadi.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan fikrlar va taklifning narx parametrlarini inobatga olib, “Toshkentvino kombinati” AJ ommaviy tanlov gʻolibi deb topildi. Shunga koʻra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Toshkentvino kombinati” AJ oʻrtasida yuridik majburiy hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari amalga oshiriladi.