Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.
Shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:20 da aviatashuvchining “Airbus A320” rusumli samolyoti Toshkentdan Karachiga yetib keldi. Anʼanaga ko‘ra, havo kemasi Karachi xalqaro aeroportida suv arkasi orqali tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida Sind viloyati rahbariyati va mahalliy hukumat rasmiylari, Karachi shahridagi diplomatik korpus vakillari, Sind turizmni rivojlantirish korporatsiyasi, turoperatorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Sind viloyati hukumati vakillari yangi aviaqatnovni O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashtirish, turistik almashinuvni kengaytirish hamda biznes aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam sifatida baholadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston elchixonasi va “Centrum Air” rahbariyati ishtirokida Karachi xalqaro aeroportida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 8 taga yetdi.