Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzokov OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Mazkur vazifalar Prezidentning 2026 yil 27 iyuldagi «2026–2027 yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-279-son qarorida belgilangan.

Qarorda kitob va kitobxonlik shahar muhitining tarkibiy qismi sifatida qaralgan. Shu bois har bir mahallada aholi uchun kitobxonlik burchaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, poytaxtning 12 ta tumanida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxonalar quriladi. Ularning joylari allaqachon belgilangan.

«Maqsadimiz — shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va oʻzining ilmiy-maʼnaviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish», — dedi Shavkat Umurzokov.

Yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida maydoniga mos kitob doʻkonlarini ochish majburiy talab sifatida belgilanadi. Gavjum va turistik koʻchalarda esa imtiyozli shartlarda kitob doʻkonlari hamda kitob kafelari tashkil etiladi.

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» hududi ham mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiriladi. Majmuaning tarixiy qiyofasini tiklash loyihasi kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, shahar miqyosida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovini joriy etish rejalashtirilmoqda.

«Maqsad bitta — inson qayerda boʻlmasin, mahallada, tumanda, koʻchada yoki savdo markazida — kitob unga yaqin boʻlsin», — dedi shahar hokimi.