Uchrashuvda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish natijalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish rejalariga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, hamkorlikdagi saʼy-harakatlar samaradorligining yorqin misoli sifatida Samarqand viloyati Nurobod tumanida 2022-yil aprel oyida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilgani haqida soʻz bordi. “Total Eren” kompaniyasining yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga niyati borligi bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar mamlakatimizda boʻlgan yangi fotoelektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Maʼlumot uchun: “Total Eren” qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan elektr stansiyalarini qurish, loyihalash, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Korxona dunyoning 22 ta davlatida faoliyat yuritadi. Jami “Total Eren” tomonidan ishga tushirilgan obyektlar va loyihalashtirilayotgan energiya ishlab chiqarish korxonalarining umumiy quvvati 4 GVt dan oshadi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.