So'ngi besh-olti yilda Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida yurtimiz porloq hayoti barcha sohada, jumladan, xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlikka, totuvlik va bag'rikenglikka tayangan hamkorlik siyosati nafaqat mintaqani balki butun dunyoni tinch va totuv yashashga chorlovchi asosiy drayver bo'ldi, desak aslo mubolag'a emas.

Ana shunday islohotlar natijasini Prezidentimizning xalqparvar matonat va shijoatlari tufayli qo'shni va mintaqadagi va umuman, dunyodagi ko'plab davlatlar bilan yaqindan do'stona olib borilayotgan diplomatik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish kabi oliyjanob sa'y-harakatlarida kuzatish mumkin.

Buning yaqqol misolini joriy hafta jonajon bag'rikeng diyorimizga O'zbekiston Respulikasi Prezidenti taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining mehmon bo'lganida ham ko'rish mumkin. Bu Prezident Ilhom Aliyevning oxirgi 11 yillikda O'zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifi hisoblanadi.

Aslida bu ikki davlatning aloqalari uzoq yillar, boqiy asrlarga borib taqaladi. O'zbekistonlik ozarbayjonlar xalqlarining an'analari va urf-odatlarini hurmatlab, ularni asrab-avaylab keladilar. Yurtimizdagi birinchi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi — “Gardashlik” 1989-yili Toshkentda tashkil etilgan. Keyinchilik Samarqand va Buxoroda ham markazlar faoliyat olib borgan. 2003-yilda esa Ozarbayjon milliy madaniyat markazlari uyushmasi tuzildi. So'ngi yillarda markaz faollari o'zbek va ozarbayjon madaniyatlarining o'zaro almashinuvi va boyitilishi, xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Markaz binosidagi o'zbek-ozarbayjon do'stlik muzeyiga qo'yilgan eksponatlar ikki xalq o'rtasidagi do'stlik aloqalari qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgani haqida hikoya qiladi. Muzeyning eksponatlaridan biri — Farg'ona vodiysida topilgan miloddan avvalgi ikki ming yillikka mansub ikkita ilon ko'rinishidagi toshdan yasalgan tumor Ozarbayjondan topilgan tumorga juda o'xshab ketishi ham xalqlarimiz qanchalik yaqin ekanligini tasdiqlaydi.

Rasmiy xabarga ko'ra, bugun yangilanayotgan O'zbekistonda baxtli ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ikki xalq vakillari 130 dan ortiq millat va elat vakillarini bag'rida totuvlikda yashashini ta'minlayotgan yurtda bir tan, oiladek bo'lishgan. Chunki mamlakatimizda yangi, yuksak rivojlangan O'zbekiston, degan buyuk maqsadimiz bor. Taqdirimiz bir! Aytish kerakki mana shu birlik bizni, millatlarni birlashtirmoqda, hamjihatlik g'oyasi ostida yuksaltirmoqda.

Buning go'zal natijalari juda ko'p. Uchtasini aytsak:

Birinchisi — qo'shni davlatlar bilan do'stligimiz tiklandi

Ikkinchisi — Turk davlatlari hamkorlik tashkilotining a'zosimiz.

Yurtimiz rahbarining 2022-yilni “Turk davlatlarida yoshlarni qo'llab-quvvatlash yili”, degan tashabbuslari dunyoning ko'pgina davlatlari tomonidan qo'lllab-quvvatlandi. 

Yaqinda Buxoroda o'tgan turk davlatlari yoshlarining Forumi bu tashabbus qanchalar yuksak g'oya ekanligini bor bo'yicha ko'rsatdi. Buxoro — turk davlatlari yoshlarining markazi, deb e'lon qilindi.

Uchinchisi — o'zbek-ozarbayjon xaqlari do'stligining yangi davri boshlandi. Buni ikki yuksak martabali Prezidentlar, qardoshlarning do'stlik yo'lidagi uchrashuvi bo'lgan tarixiy voqeadagi samimiy munosabatlar ham isbotlab turibdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 15-oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o'tkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoev Aliyevni O'zbekistonga taklif qilgan.

O'shanda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida Sharof Rashidov va Xaydar Aliyev o'rtasidagi samimiy do'stona munosabatlari tilga olingan. “Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O'zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko'p suhbatlashganman. U har doim o'zbek xalqiga hurmat bilan munosabatda bo'lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidov bilan ko'p bor uchrashib, ko'plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo'lganlar Haydar Alievning har qanday vaziyatda O'zbekistonga hurmat bilan munosabatda bo'lgani, qo'llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o'zbek ishi” yuzaga kelgan og'ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o'laroq o'zbek xalqi haqida o'z shaxsiy fikriga ega bo'lgan”, degan edi Shavkat Mirziyoyev. 

Bugun Toshkent shahrida ozar xalqining umummilliy lideri, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi Prezidenti Haydar Aliyev nomdagi bog' barpo etildi. Bog' Toshkentning Mirobod tumani Temiryo'lchilar ko'chasida bo'lib, bu yerda Haydar Aliyev barelefi o'rnatildi. Bog'ning umumiy maydoni 0,51 gektarni tashkil etadi. Bu ham ozar xalqi yetakchisining xalqimizga bo'lgan hurmatiga javobning bir namunasi, desak adashmaymiz.

O'z navbatida, ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib guvohi bo'ldikki, Ozarboyjon prezidenti tashrifi uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlat rahbari va O'zbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy e'tibor uchun minnatdorlik bildirdi. “Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bag'ishlab shunday ko'rkam go'shani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman.  Biz buni o'zbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarboyjon xalqiga hurmat ifodasi hamdir”, dedi qardosh ozarbayjon xalqi rahbari.

Ikki davlat rahbarlari, o'zagi tutash xalqlar bir-birini qo'llab kelmoqda. 2021-yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev Tog'li Qorabog' hududining Ozarbayjonga qaytarilganini “Tarixiy adolatni tiklash yo'lidagi g'alaba”, deya ta'riflagandi. O'zbekiston hududidagi ko'hna obidalar va madaniyat maskanlarini tiklash ishlariga ko'mak berishga tayyorligi bildirilgandi. 2021-yilda O'zbekiston Tog'li Qorabog'da maktab qurib berishni rejalashtirayotgani aytilgandi. Hududdagi tiklanishi lozim bo'lgan ob'ektlar ro'yxati belgilangan, ularni rekonstruktsiya qilishga o'zbekistonlik quruvchilar jalb qilingan.

Mana shunday hurmat, e'tibor ruhida boshlangan tashrif davomida ham ikki davlatlarning strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o'rin oldi.

Madaniy-gumanitar sohada ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz azaldan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki davlat rahbarlari madaniyat va kino kunlarini o'tkazish, gumanitar va turizm almashinuviga doir dasturlarni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratishdi.

— Ozarbayjon Prezidentining tarixiy ahamiyatga ega davlat tashrifi oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bugun biz birodar xalqlarimiz do'stligini yanada mustahkamlash va mamlakatlarimiz strategik sherikligini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni shakllantirdik, — dedi O'zbekiston Prezidenti.

— Qardosh O'zbekiston zaminida bo'lib turganimdan, Siz bilan ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasi va tashqi siyosiy kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilishdan mamnunman, — dedi Ilhom Aliyev. – O'ylaymanki, bu haqiqatdan ham muvaffaqiyatli tashrif. Chunki muhokama qilingan mavzularning mohiyati, shakli, mazmuni bo'yicha ham, biz qabul qilgan qarorlar bo'yicha ham ushbu tashrif va kelishuvlar munosabatlarimizning yanada rivojlanishiga asos bo'ladi.

Ana shunday azaldan mavjud yuqori ishonch va o'zaro hurmat ruhida kechgan tashrif ikki davlat — O'zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining yanada yaqinlashishi, ko'pgina o'xshash bo'lgan milliy qadriyat va an'analarini totuvlik va bag'rikenglik maydonida tutashishiga zamin bo'ldi. Xalqlarimizning totuvlik munosabatlari abadiy va bardavom bo'lsin!

Azizbek AMONOV,

 Buxoro davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlari bo'yicha Birinchi prorektori