Tovar va xizmatlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi joriy etiladi

    “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish toʻgʻrisida”gi hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.

    Soliq kodeksining 248-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq agar bitim narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past yoki yuqori boʻlsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli qarorining 3-ilovasiga muvofiq tovarlarni (xizmatlarni) boshqa tovarlarga (xizmatlarga) ayirboshlab realizatsiya qilishda, yuridik shaxsning mol-mulkidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishda va tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda (koʻrsatishda) qoʻshilgan qiymat soligʻi bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi tasdiqlangan.

    Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlanadi:

    • tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar hamda ularni qoʻllash tartibi;
    • tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqqan holda qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartibi.

    Belgilanishicha, mazkur qaror talablari tajriba tariqasida quyidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etiladi:

    • 2024-yil 1-avgustdan eʼtiboran – koʻchmas mulk obyektlari, birja va (yoki) davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga;
    • 2024-yil 1-oktyabrdan eʼtiboran – raqamli identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovka qilinishi lozim boʻlgan tovarlarga.

    Soliq qoʻmitasi 2025-yil 1-yanvarga qadar mazkur tajriba natijalaridan kelib chiqib, ushbu tartibni barcha tovarlarga (xizmatlarga) qoʻllash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati 2024-yil 1-iyulga qadar:

    • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnoma maʼlumotlarini (har bir lot va tovarlar nomenklaturasi kesimida);
    • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnomalarning ijrosi boʻyicha elektron hisobvaraq-faktura maʼlumotlarini oʻzlarining axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda oʻzaro real vaqt rejimida almashishni yoʻlga qoʻyadi.