Bugungi kunda yurtimizda fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlashga, ayniqsa, isteʼmolchi sifatidagi huquqlarining kafolatlanishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Ish va xizmatlar bozorida aholi uchun qulayliklar yaratilishi va imtiyozlar berilishi barobarida ishlab chiqaruvchilar hamda xizmat koʻrsatuvchilardan mahsulot, ish va xizmatlarning sifatli, odamlar hayoti va sogʻligi uchun zararsiz va kafolatli boʻlishi talab etilmoqda.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholi va korxonalarga taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlar yuzasidan foydalanuvchilar fikrini oʻrganish, mavjud imkoniyatlar va muammolarni aniqlash, bunda fuqarolarning huquqlari qanday taʼminlanayotganini baholash maqsadida yurtimizdagi yirik korxonalardan biri — «Navoiyazot» AJga jamoatchilik soʻrovi kiritildi.
Fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyalanishini taʼminlash borasidagi, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish borasidagi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, koʻrsatilayotgan ish va xizmatlar xavfsizligi, ekologik taʼsiri va boshqa yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ushbu soʻrovning asosini tashkil etadi.
Soʻrov natijalariga koʻra, kelgusida jamoatchilik eshituvi oʻtkazilishi ham rejalashtirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, «Navoiyazot» AJ – mamlakatimizdagi eng yirik kimyo sanoati korxonalaridan biri boʻlib, bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qiladi.








