Yurtimizda yuzaga kelgan sovuq ob-havo sabab Toshkent viloyatida joylagan Tuyaboʻgʻiz suv omborining yuzasi muzladi. Shu sabab ushbu maskanda shugʻullanayotgan eshkak eshuvchilarimiz suvda mashgʻulot oʻtkaza olishmayapti.
Biroq yangi mavsumda oʻz oldiga jiddiy maqsad qoʻygan sportchilarimiz mashgʻulotlarni trenajyor zalida davom ettirishmoqda. Ayni damda ushbu bazada akademik eshkak eshuvchilarimizning toʻliq tarkibi, shuningdek, baydarka va kanoechilarimizning maʼlum qismi mashgʻulot olib borishmoqda.

Yangi mavsumda Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi litsenzion musobaqaga tayyorlanayotgan baydarka va kanoeda eshkak eshuvchilarimizning asosiy qismi esa Turkiyaning Belek shahrida yigʻinlarni davom ettirishmoqda. Eslatib oʻtamiz, jamoamizning Turkiyadagi yigʻini oʻtgan yilning noyabr oyida boshlangan edi.
