Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 3 ta Beshrabot, Koʻlxatib, “Moʻminobod” mahalla markazlari majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
“Beshrabot” mahalla markazi majmuasi davlat xususiy sherikchiligi asosida tadbirkor Sobir Rayimov tomonidan barpo etildi. Qurilish, jihozlash ishlari uchun 250 million soʻm mablagʻ sarflandi. Shu paytgacha mahalla fuqarolar yigʻini moslashtirilgan binoda faoliyat olib borayotgan edi. Koʻrkam va zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirilishi tuzilma xodimlari ish unumdorligini oshirish barobarida, mahalla ahli uchun ham qator qulayliklar yaratadi.
“Moʻminobod” mahalla markazi majmuasi tadbirkor Nodir Ismoilov tomonidan davlat xususiy sherikchiligi asosida barpo etildi. Zamon talablariga mos tarzda jihozlangan mazkur binoda mahalla raisi hamda oʻrinbosarlari uchun alohida xonalar mavjud boʻlib, ularning har biri zamonaviy moddiy-texnika vositalari va mebel jihozlari bilan taʼminlangan. Qurilish, jihozlash ishlari uchun 260 million soʻm mablagʻ sarflangan.
“Koʻlxatib” mahalla markazi majmuasi xususiy sherikchilik asosida tadbirkor Mirmuxsin Boymurodov tomonidan barpo etildi. Qurilish, jihozlash ishlari uchun 270 million soʻm mablagʻ sarflandi. Zamonaviy mahalla markazi binosida barcha sharoitlar yaratilgan. Mahalla raisi va oʻrinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilgan. Kompyuter, mebel, tegishli adabiyotlar bilan taʼminlandi.