Birlashgan millatlar tashkilotining Atrof-muhit boʻyicha dasturi (YUNEP) global iqlim isishi koʻplab shaharlarda haroratni pasaytirish va odamlarni undan himoya qilishning yangi usullarini topishga zarurat tugʻdirayotgani haqida yozdi.

“Sovutishning, ayniqsa, harorat yuqori boʻlgan shaharlarda muhim ekani koʻrinmoqda. Buning ahamiyati „issiqlik oroli“ taʼsiriga tushgan shaharlarda yana-da kuchlidir — beton va asfalt quyosh energiyasini oʻziga tortib, uni issiqlik shaklida qayta chiqaradi va quyosh botgandan keyin ham uzoq vaqt saqlab turadi. Shuningdek, dvigatellar va boshqa energiya sarflaydigan transport uskunalari, sanoat va bino ichidagi sovutish chiqindilarining isishi shaharlardagi haroratni koʻtaradi”, — deyiladi xabarda.

"Konditsionerlar sovutish uchun standart yechim boʻlsa-da, ular ham muammolarga olib keladi", deya taʼkidlashadi mutaxassislar. "Jumladan, energiya sarflaydigan sovutish tizimlari yer va iqlim isishiga hissa qoʻshadi. Sovutish moslamalarining soni bugungi kundagi 3,6 milliarddan 2050-yilga kelib 9,5 milliard donaga koʻpayishi kutilmoqda". 

YUNEP mutaxasisslari shahar miqyosidagi chora-tadbirlar issiqlik oqibatlarini sezilarli darajada kamaytirishini bildirishdi. Odatda, quyoshli yoz kunlarida quyosh nurining 80 foizini qaytaradigan toza oq tomlar quyosh nurining atigi 20 foizini aks ettiradigan kulrang tomlarga nisbatan 30 daraja sovuqroq boʻladi.

“YUNEP shaharsozlik va loyihalashtirish ishlariga tabiatni qaytarish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi, — deydi YUNEPning shaharlar boʻyicha ish boshqaruvchisi Martina Otto. — Bir-biriga bogʻlangan yashil boʻshliqlar, fasadlar va tomlarni koʻkalamzorlashtirish hamda passiv loyihalashtirish orqali shaharlar anʼanaviy qurilishni modernizatsiya qilishi va haroratni pasaytirishi mumkin”.