Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Xususan, Zangiota tumani hududidan oqib oʻtuvchi “Boʻzsuv“ kanali mintaqasi oʻrganilganda, suv havzasiga sanoat va maishiy chiqindilar tashlash, sanitariya-muhofaza zonalariga oʻzboshimchalik bilan qurilmalar qurish kabi koʻplab qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan holatlarni bartaraf etish maqsadida idoralararo ishchi guruhi shakllantirilib, maxsus texnikalar jalb qilingan holda suv havzasini chiqindilardan tozalash va noqonuniy qurilmalarni buzish choralari koʻrildi.
Shuningdek, Toshkent shahridan chiqayotgan oqova suvlarni tozalovchi “Boʻzsuv” toʻyintirish inshootlariga sanoat chiqindilari bilan ifloslangan suvlarni tashlayotgan korxonalar xatlovdan oʻtkazilib, sanoat oqova tashlamalari tarkibi laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazildi.
Tekshirish natijasiga koʻra, kanalga tashlanayotgan oqova suvlardagi moddalar konsentratsiyasi belgilangan meʼyorlardan oshib ketib, tabiatga zarar yetkazilganligi holati yuzasidan aybdor shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.