Poytaxtdagi 400 mingdan ortiq daraxt elektron maʼlumotlar bazasiga kiritildi

    Toshkent shahridagi 400 mingdan ortiq daraxt yashil maydonlar toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan green.tashkent.uz onlayn platformasi elektron maʼlumotlar bazasiga kiritildi.

    Bu haqda Ekologiya vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, daraxtlar raqamlashtirilgandan soʻng navi, holati, yoshi va boshqa xususiyatlari boʻyicha dendrolog mutaxassislar tomonidan tekshiriladi.

    “Daraxtlar reyestri” loyihasi “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

    Maqsad poytaxtdagi daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish va ularning elektron maʼlumotlar bazasini yaratishdir.

    Yashil maydonlarning raqamli xaritasi shahar aholisi turmush tarzini yaxshilash va Toshkentning tabiiy muhitini saqlab qolishga yordam beruvchi shaharsozlik, ekishni rejalashtirish va yashil koʻchatlarni parvarishlash, yashil hududlarni muhofaza qilish hamda tiklash ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda samarali vositaga aylanishi lozim.