Bu haqda u seshanba kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senatida mamlakatdagi vaziyat hamda ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo'nalishlari haqida so'zlagan nutqida shunday bayonot berdi.
“Mening ma'muriyatim Panama kanali ustidan nazoratni tiklaydi va biz buni allaqachon boshladik”, dedi Tramp. “Marko Rubio bunga mas'ul bo'ladi. Omad tilaymiz, Marko. Endi nimadir noto'g'ri bo'lsa kimni ayblash kerakligini bilamiz”, deya ta'kidladi AQSh Prezidenti.
Trampning ta'kidlashicha, “Amerikaning yirik kompaniyasi Panama kanalining har ikki tomonida bandargohlarni qo'lga kiritish niyatini e'lon qilgan”. “Panama kanali amerikaliklar tomonidan amerikaliklar uchun qurilgan, boshqalar uchun emas, lekin boshqalar undan foydalanishi mumkin”, deya davom etdi Oq uy egasi kanalni Panama hukumatiga topshirish bo'yicha kelishuv “ko'p marta qo'pol ravishda buzilgan” degan fikrni bildirdi. “Biz uni Xitoyga bermadik, Panamaga berdik va qaytarib olamiz”, dedi Tramp.
Avvalroq Gonkongda joylashgan CK Hutchison Holdings kompaniyasi Panama kanalining har ikki tomonidagi bandargohlarni boshqaradigan sho'ba korxonasining 90 foiz ulushini amerikalik investorlarga sotishini ma'lum qilgandi. BlackRock Inc., Global Infrastructure Partners va Terminal Investment Limited kompaniyalarini o'z ichiga olgan investorlar guruhi, shuningdek, 23 mamlakatda 43 ta bandargoh va 199 ta prichalga egalik qiluvchi va boshqaradigan boshqa sho'ba korxonalarning 80 foizini sotib oladi. Aktivlarning qiymati 22,8 milliard dollarni tashkil etadi.
Tramp bir necha bor dalil keltirmasdan, Xitoy kanalni nazorat qilayotganini da'vo qilgan va AQSh uni qayta nazorat qilish istagi borligini ta'kidlagan. 20-yanvar kuni u o'zining inauguratsion nutqida Panama kanalini “qaytib olish” niyatini ma'lum qildi. U avvalroq 1999-yilda uning nazoratini topshirish boshqa davlatlarga imtiyoz emas, balki “hamkorlik ishorasi” ekanligini ta'kidlagan edi, deb xabar beradi tass.ru.