Ushbu tashabbus mamlakatning eksport-import bankidan 10 milliard dollar mablag' bilan moliyalashtiriladi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp muhim minerallar zaxirasini yaratilishini e'lon qildi. “Bugun biz Amerika biznesi va ishchilari hech qachon resurs tanqisligidan aziyat chekmasligini ta'minlash uchun Project Vault, deb nomlangan loyihani ishga tushirmoqdamiz”, dedi u 2-fevral, dushanba kuni kechqurun Oq uyda bo'lib o'tgan tadbirda.
Trampning so'zlariga ko'ra, loyiha asosan avtomobil ishlab chiqaruvchilar va texnologiya kompaniyalari uchun minerallarni sotib olish va saqlash uchun AQShning eksport-import bankidan 10 milliard dollarlik kredit bilan 1,67 milliard dollarlik xususiy kapitalni birlashtiradi. Davlat rahbari ushbu zaxira avval milliy mudofaa ehtiyojlari uchun tashkil etilganidek, bir xil tamoyil asosida yaratilishini ta'kidlab, bu g'oyani “ajoyib” deb atadi.
Shu bilan birga, AQSh ichki ishlar vaziri Duglas Bergam muhim minerallar savdo klubiga “qo'shimcha 11 ta mamlakat” qo'shilishi shu hafta e'lon qilinishini ma'lum qildi, deb xabar beradi Reuters. Tramp ma'muriyatining ismi oshkor qilinmagan rasmiysining agentlikka bergan ma'lumotiga ko'ra, Hartree Partners, Traxys North America va Mercuria Energy Group savdo kompaniyalari zaxira uchun xomashyo sotib olishni boshqaradi. Ushbu qadam biznesning Xitoyning noyob yer elementlariga qaramligini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda, deb xabar berdi dw.com.