Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali yuk tashuvlar hajmini oshirish masalalarini muhokama qilmoqda

    Transport vazirining o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov boshchiligidagi Ishchi guruhning Ozarbayjonga amaliy safari davomida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

    Transport vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, 13-15 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan ushbu safar davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida transport va tranzit yuk tashuvlari masalalari bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Unda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi hamda 6 davlat (Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston) temir yo‘l tuzilmalari ishtirokida tashkil etilgan CASCA+ multimodal transport yo‘lagi orqali yuk tashuvlar hajmini oshirish, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, tashuv jarayonlarida qulay sharoitni yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

    Shuningdek, Ozarbayjonning yerusti transporti qo‘mitasi, «Ozarbayjon temir yo‘li», «Boku xalqaro dengiz savdo bandargohi», “Ozarbayjon Kaspiy dengiz kemachiligi” kompaniyasi hamda Boku kemasozlik zavodi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

    Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning eksport va import yuklarini Ozarbayjon hududi orqali Yevropa va Amerika qitʼasi davlatlariga tashuvlarni uzluksiz tashkil etish, yuk tashuvlar xarajatini va muddatini qisqartirish, tarif imtiyozlarini kengaytirish, port infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda logistika zanjirini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.