Majlisda “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingandan soʻng koʻplab yurtdoshlarimiz tomonidan buyrak va jigar transplantatsiyasi masalasida murojaatlar soni ortib borayotganligi taʼkidlandi.

Ushbu Qonunda transplantatsiya sohasida qonunchilik normalarini buzganlik uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga, shuningdek, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Jumladan, inson aʼzolari va toʻqimalarini olish, transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari hamda tartibini buzganlik, shuningdek, vafot etgan odamning aʼzolarini yoki toʻqimalarini u tirikligida uning roziligini olmay turib, ilmiy yoki taʼlim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash uchun olganlik, inson aʼzolarining va toʻqimalarining oldi-sotdisi bilan shugʻullanganlik, insonning transplantatsiya qilinadigan aʼzolarini va toʻqimalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqqanlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, koʻpchilikni xavotirga solayotgan inson aʼzolari va toʻqimalarini olish maqsadida odam oʻgʻirlaganlik yoki odam savdosi bilan shugʻullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanadi.

Qonunni yalpi majlis muhokamasiga olib chiqqan tegishli qoʻmita ushbu huquqiy hujjat dastlab manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy doira vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birga koʻrib chiqilganini, davlat va hududiy manfaatlar mutanosibligini taʼminlash maqsadida mahalliy Kengash deputatlarining fikrlari olinganini qayd etdi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.