Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan transplantologiya sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tegishli soha vakillari, deputatlar, sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatish, jumladan, xirurgiya sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida soʻz yuritildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida ushbu xizmat koʻlami kengayib, bugungi kunda mamlakatimizda yiliga 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda. Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bu yoʻnalishdagi asosiy muassasadir. Hududlarda esa uning filiallari faoliyat yuritmoqda.
Transplantologiya sohasini yanada rivojlantirishda bu yoʻnalishda huquqiy asoslarni takomilashtirish muhim hamiyatga ega. Shu maqsadda aʼzolar va toʻqimalar transplantatsiyasi bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni tahlil qilgan holda “Inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. Hozirgi kunda qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqullangan boʻlib, ikkinchi oʻqishga tayyorlanyapti. Qonun loyihasida transplantatsiya obyektlari, SSVligining vakolatlari va inson aʼzolari va toʻqimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi amalga oshiriladigan tibbiyot muassasalari belgilanmoqda. Qolaversa, tirik donorlar tushunchasida barcha shaxslarning donor boʻlishi mumkinligi, yaʼni yaqin qarindoshlar bilan chegaralamaslik taklif etilmoqda.
Davra suhbatida qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda transplantatsiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, transplantologiya xizmatini rivojlantirish yuzasidan Respublika xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini transplantologiyaga yoʻnaltirib, immunogenetik laboratoriya va simulyatsion markaz tashkil etish, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida buyrak transplantatsiyasini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Pirovard maqsad – bunday xizmatga muhtoj bemorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratishdir. Tadbir doirasida ishtirokchilar Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi bemorlar xolidan ham xabar oldi.
Toshkentlik 29 yoshli D.Umarov koʻp yillardan buyon buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrib kelar edi. Bugun unga opasi R.Joʻlasova bir buyragini berdi. Hozir har ikkovining ham ahvoli yaxshi va ular tibbiy standartlar asosida shifokorlar nazoratida.
– Inson salomatligi – eng buyuk neʼmat. U shunchalik bebahoki, hech qanday mezonga tenglashtirib boʻlmaydi. Yoʻqotilgan sogʻliqni qaytarish va topishning imkoni yoʻq, – deydi D.Umarov. – Men ham koʻp yillardan buyon oʻtkir buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib keldim. Qariyb ikki yil gemodializ oldim. Chunki yaqin-yaqingacha bunday operatsiyalarni chet el klinikalaridagina amalga oshirish mumkin edi. Xorijdagi bunday amaliyot katta mablagʻ talab qilgani bois, bunga hammaniyam qurbi yetmasdi. Mana dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi boʻyicha zamonaviy operatsiyalar oʻzimizda amalga oshirilmoqda. Yaqinda operatsiya boʻldim, opam bir buyragini berdi. Hozir ahvolim ancha yaxshi,
... Qashqadaryolik J.Joʻraqulov endi 15 yoshni qarshiladi. Lekin unda ham buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan. Shu sababli yaqinda u ham murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazdi. Onasi donorligida unga buyrak koʻchirib oʻtkazildi. Ayni paytda bemorning umumiy ahvoli ancha yaxshi, shifokorlardan minnatdor.
Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli yuz bermoqda. Zotan, tibbiyot tizimidagi oʻzgarishlar odamlarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilmoqda.