Transport vazirligi xodimlari tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda avtomobil tashuvlari sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni rasmiylashtirish va koʻrib chiqishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish maqsadida yangi tartibda ishlashga oʻtilmoqda.
Dastlabki bosqichda avtomobil tashuvlari sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va rasmiylashtirish elektron tizim oʻrnatilgan planshetlar orqali Toshkent shahar va Toshkent viloyati transport boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Planshetlardan foydalangan holda maʼmuriy bayonnomalarni rasmiylashtirish jarayonini amaliyotda qoʻllashni tashkil etish maqsadida IIV Huquqiy statistika va tezkor — hisob maʼlumotlar markazi boʻlim boshligʻi va masʼul xodimlari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda maʼmuriy bayonnomalarni planshetlar yordamida rasmiylashtirish tartibi yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida Toshkent shahar va Toshkent viloyati transport boshqarmalari inspektorlariga biriktirilgan planshetlar taqdim etildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.