Nizom qonunchilik hujjatlariga muvofiq utilizatsiya yigʻimini toʻlash talab etiladigan transport vositalari va ularning tirkamalariga nisbatan utilizatsiya yigʻimini hisoblash, toʻlash, undirish, ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan summalarini qaytarish, shuningdek transport vositalari chiqindilarni yigʻish, tashish va utilizatsiya qilish bilan bogʻliq infratuzilmani tashkil etish tartibi belgilandi.
Utilizatsiya yigʻimini hisoblab chiqarish utilizatsiya yigʻimining miqdorlari va utilizatsiya yigʻimi toʻlanadigan gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalarining turlari va toifalari roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi (VMQ 347-son, 02.06.2020y.).
Utilizatsiya yigʻimi transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotiladigan transport vositalari ishlab chiqaradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hisoblab chiqariladi.
Yigʻimni toʻlash uchun hisobvaraqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi rasmiy veb-saytlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirish yoʻli bilan utilizatsiya yigʻimi toʻlovchilariga yetkaziladi.
Transport vositalarining mahalliy ishlab chiqaruvchisi hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay mahalliy transport vositalari ishlab chiqaruvchisi joylashgan joydagi soliq organiga, faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish uchun ishlab chiqarilgan transport vositalari boʻyicha utilizatsiya yigʻimi hisob-kitoblarini elektron shaklda taqdim etadi va sotilgan transport vositalari boʻyicha utilizatsiya yigʻimini toʻlaydi.
Eksport bozorlarida sotish uchun ishlab chiqarilgan avtomobillar mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan ichki bozorga sotilgan taqdirda, ishlab chiqaruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay utilizatsiya yigʻimini toʻlaydi. Bunda sotilgan avtomobil xaridor tomonidan qaytarib berilgan taqdirda hisob-kitobga tuzatish kiritiladi.
Utilizatsiya yigʻimining toʻlangan va qayta hisoblangan summalari oʻrtasida farq aniqlanganda kamchilik miqdori utilizatsiya yigʻimining takroriy (tuzatilgan) hisob-kitobi taqdim etilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida yigʻim toʻlovchisi tomonidan toʻlanadi. Bunda ortiqcha toʻlangan (undirilgan) utilizatsiya yigʻimi summasi, toʻlovchining utilizatsiya yigʻimi boʻyicha mavjud qarzlarini qoplashiga yoxud utilizatsiya yigʻimi toʻlovchisiga qaytarish uchun hisobga olinadi. Ortiqcha toʻlangan utilizatsiya toʻlovlari yigʻim toʻlovchisining arizasi asosida, tegishlicha bojxona va soliq organlariga ariza berilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida qaytariladi.
Utilizatsiya yigʻimi toʻlanmagan yoki belgilangan muddatlarda toʻliq hajmda toʻlanmasa, davlat soliq xizmati organlari tomonidan belgilangan tartibda utilizatsiya yigʻimini undirish choralari koʻriladi.
Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan soliq nazorati amalga oshirilgan paytda utilizatsiya yigʻimi hisob-kitoblarida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, utilizatsiya yigʻimi toʻlovchisiga ularni qayta hisoblash va (yoki) tegishli hisobotga tuzatishlar kiritish talabnomasi yuboriladi.
Utilizatsiya yigʻimi toʻlovchisi talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda aniqlashtirilgan hisobot yoxud tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart. Taqdim etilgan asosnomalar tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Utilizatsiya yigʻimi 100 foiz miqdorida daromadlar boʻyicha gʻaznachilik shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushadi.
Isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan barcha turdagi transport vositalari ularning egalari (mulkdorlari) tomonidan utilizatsiya qiluvchilarga topshirilganda, transport vositalarini roʻyxatga olish (roʻyxatdan chiqarish) vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Utilizatsiya yigʻimi toʻlanmagan transport vositalarining utilizatsiya qilinishi utilizatsiya qiluvchi tomonidan utilizatsiya uchun sarflangan xarajatlar miqdoridan kelib chiqqan holda utilizatsiya qiluvchi tashkilot va transport vositasining mulkdori oʻrtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.