Transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytiriladi

    Ijtimoiy hayot 28 May 2025 875

    Bugungi kunda transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun fuqarolarga 375 ming soʻmdan 1 mln 125 ming soʻmgacha, yuridik shaxslarga esa 1 mln 125 ming soʻmdan 1 mln 875 ming soʻmgacha jarima qoʻllash belgilangan.

    Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining xabar berishicha, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda 2030-yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasida belgilab qoʻyilgan.

    Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 91¹-moddasida belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlagan jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, yuridik shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima qoʻllash belgilangan.

    Agentlikning maʼlum qilishicha, dunyo tajribasida bunday huquqbuzarliklarga katta miqdorda jarimalar qoʻllaniladi. Shuning uchun bizda belgilangan jarima miqdorini ham koʻpaytirish, jazo chorasini kuchaytirish lozim (masalan, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 3-5 baravari, takroriy holatda esa 10-15 baravari).

    Baholashlarga koʻra, haydovchilar va yoʻlovchilar koʻchalardagi chiqindilarning asosiy manbai hisoblanadi. Masalan, Buyuk Britaniyada yiliga yoʻllardan taxminan 200 000 qop chiqindi yigʻishtirib olinadi, bu chiqindilar tarkibiga fastfud qadoqlari, tamaki qoldiqlari, plastik butilka va boshqalar kiradi.

    Tadqiqotlarga qaraganda, yoʻllardagi barcha chiqindilarning taxminan 53 foizi avtomobillar haydovchilari va yoʻlovchilari tomonidan tashlab ketilar ekan. Bu chiqindilar orasida tamaki qoldiqlari, ovqat va ichimlik qadoqlari, plastik butilkalar hamda qogʻoz mahsulotlari koʻp uchraydi.

    Oʻtgan yilgi maʼlumotga koʻra, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qoʻshimcha ravishda bir kunda poytaxtga oʻrtacha 150 mingdan 300 mingggacha transport vositasi kirib keladi. Endi tasavvur qiling, bir kunda har 10 ta avtomobildan bittasidan chiqindi tashlanganda ham Toshkent koʻchalari bir kunda 15 mingdan 30 mingtagacha chiqindi bilan toʻladi. Bu esa salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi tayin.