Transyog'lar — maxsus usullar yordamida ishlov berilgan to'yinmagan yog' kislotasi hisoblanadi. 

Chipsilar, yog'da qattiq qovurilgan kartoshka, baliq va tovuq go'shti, mayonez, pishiriqlar, margarin va sariyog' kabi mahsulotlar transyog'larga boy bo'lib, ularni ko'p iste'mol qilish yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Ular tanada zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Ya'ni past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlar devorida tiqin hosil qilib, ularni toraytiradi. Natijada organizmda qon aylanishi va hayotiy muhim organlarni qon bilan ta'minlash buziladi.

Transyog'larni ko'p iste'mol qilish oqibatida infarkt, insult va o'pka arteriyasi tromboemboliyasi kabi turli xavfli kasalliklar kelib chiqadi. Shuningdek, transyog'lar yallig'lanish jarayonlarining tezlashishi, ikkinchi toifa qandli diabet va onkologik xastaliklarning rivojlanish xavfini ham oshiradi.

Transyog'larning kundalik me'yori 2 ming kaloriyalik taomnomada 2,2 grammga to'g'ri keladi. Bugungi kundagi ba'zi oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibidagi transyog'lar miqdori kundalik me'yordan 200 baravarga ko'pdir.

Joriy yil boshida JSST ushbu turdagi yog'larni taqiqlash yoki uni kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya qilgan edi. Ya'ni, kunlik ratsionda 2000 kaloriya bo'lsa, transyog'lar 2,2 grammga to'g'ri kelishi lozim.

Shuningdek, tashkilot transyog'lar yer yuzida yashovchi sakkiz milliarddan ziyod aholining beshdan bir qismi salomatligiga jiddiy xavf solayotgani va yiliga yarim million odamning yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida hayotdan erta ko'z yumishiga sanoat yo'li bilan ishlab chiqariladigan transyog'lar sabab bo'layotgani haqida ham xabar bergan edi.  

Internet materiallari asosida tayyorlandi