Baʼzan bunday xastaliklarni nefrolog va urolog birgalikda davolashiga toʻgʻri keladi. Uronefrologiya – buyrak va peshob chiqarish yoʻllari tugʻma nuqsonlarini aniqlash va davolash bilan shugʻullanib, urologiyaning nefrologiya bilan kesishuv nuqtasi hisoblanadi.
Ana shunday xastaliklardan boʻlgan gidronefroz va uretrogidronefrozda koʻpincha bolalarda shikoyat boʻlmaydi. Faqat baʼzida ularda isitma yoki peshob tahlilida oʻzgarishlar kuzatiladi. Bular aniqlanganda, zudlik bilan nefrologga murojaat qilish lozim. Chunki bu kasalliklarga urolog va nefrolog koʻrigidan keyingina aniq tashxis qoʻyish mumkin.
Bolada buyrak va peshob yoʻllaridagi nuqsonlar aniqlansa, lozim boʻlganda, urologlar tomonidan operatsion davo choralari taklif etiladi. Bu kabi tugʻma nuqsonlarni oʻz vaqtida operatsiya usulda bartaraf etib, tabiiy holatga keltirilmasa, peshob dimlanishi va infeksiya rivojlanishi oqibatida buyraklar ishdan chiqadi. Buyrak yetishmovchiligi yuzaga kelgandan keyin ularni saqlab qolishning deyarli imkoni boʻlmaydi.
Hozirda Bolalar milliy tibbiyot markazida doimiy ravishda gemodializ muolajasini olayotgan bolalar orasida uzoq yillar davomida buyraklar va peshob yoʻllari tugʻma nuqsonlari bilan yashab yurgan, oqibatda surunkali buyrak yetishmovchiligining soʻnggi bosqichi rivojlangan bemorlar borligini afsus bilan aytamiz. Ular tugʻma nuqson bilan yashayvergan, ota-onasi bolada shikoyat boʻlmagani uchun uni sogʻlom deb oʻylab, tahlillar topshirmagan. Bola ogʻir ahvolga tushib, shifokorga murojaat qilgach, tekshiruvlarda buyraklar toʻliq ishdan chiqqani aniqlanyapti. Bu — juda achinarli holat.
Biz mutaxassis sifatida bunday bolalarga doimiy gemodializ muolajasi yoki buyrak transplantatsiyasi tavsiya qilishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Shuning uchun ham ota-onalardan farzandlarining salomatligiga befarq boʻlmay, ularni muntazam shifokor koʻrigidan oʻtkazib turishlarini soʻrab qolaman.
Komiljon Hamzayev,
Bolalar milliy tibbiyot markazi nefrologiya boʻlimi shifokori,
tibbiyot fanlari nomzodi