Sogʻliqni saqlash vazirligi “Respublika tugʻruq majmualari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish hamda “Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasini muhokamaga qoʻydi.
Hujjat bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining tugʻuruq majmualari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish, ularni ishonchli boshqaruvga berish, sohada tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot xodimlarining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha bilimini oshirish, homilador, boʻlajak onalarga koʻrsatiladigan xizmatni zamonaviy moliyaviy usullarni tatbiq etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanadi.
Xususan, Respublika Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallari, tumanlararo perinatal markazlari, tugʻuruq muassasalari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlar punktlaridan iborat yagona vertikal tizimni integratsiyasi amalga oshiriladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamni yaxlitligini va uzluksizligini taʼminlash uchun respublikadagi barcha tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari va oilaviy poliklinikalarining akusher ginekolog lavozimlari tegishli tuman(shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibidagi tugʻuruq majmualari boshqaruviga oʻtkaziladi.
Bunda, akusher ginekolog lavozimlari tugʻuruq majmualari tarkibiy tuzilma rahbarlariga boʻysunadi.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvardan tugʻuruqni amalga oshirish xizmatlariga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish choralarini koʻradi.
Bunda, tugʻuruqni amalga oshirish xizmatlari roʻyxati va mazkur xizmatlar qiymatini aniqlash metodologiyasi hamda homilador tomonidan tugʻuruqni amalga oshirish uchun oʻz xohishiga koʻra davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini erkin tanlash imkoniyatini belgilash mexanizmi ishlab chiqiladi.