Tuman hokimligi zaxirasidagi yer maydonini sotmoqchi boʻlgan hisobchi ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida noqonuniy yer maydonlarini sotish holatlarini aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda “M.Y.” fermer xoʻjaligi hisobchisi Q.S. Sariosiyo tumani “Subhidam” mahallasi hududidagi tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 8 sotix yer maydonini fuqaro B.X.ga goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, ushbu yer maydonini firibgarlik yoʻli bilan 5 600 AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 3 600 AQSH dollari va 1,2 mln soʻm pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.