“Tuman mudiri yondoshuvni, dunyoqarashini oʻzgartirmasa, natija boʻlmaydi” — deb oʻz soʻzini boshladi vazir muhokamada.

Sirdaryo viloyatiga ham uchinchi marotaba kelinayotgani, afsuski, joylarda mutasaddilarning dunyoqarashi oʻzgarmayotganini taʼkidlab, mamlakat taraqqiyoti, ertangi kelajak barchamizning, shu jumladan pedagoglar qoʻlida ekanligi, 6 mlndan ortiq oʻquvchilarning taqdiriga biz masʼul ekanligimizni yana bir bor eslatib oʻtdi.

“Birgina oddiy misol, nafaqat Sirdaryoda balki butun respublikada oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari afsuski, bugungi kun talabiga javob bermaydi, bitiruvchilar atigi 5-6 ta kasb bilan chegaralanib qolgan, farovon hayot, ertangi mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan kasblarni tanlamaydi, sababi bu kasblar borligini bilmaydi, bu bizning kamchiligimiz, kasblar haqida yetarli tushunchalar bermayapmiz, tanishtirmayapmiz” — deya taʼkidlandi uchrashuv chogʻida.

Shuningdek, uchrashuvda viloyatda taʼlim sifatini oshirish, maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, har tomonlama maʼnaviy yetuk, mustaqil dunyoqarashga ega boʻlgan, maktabda olgan bilimlarini hayotda qoʻllay oladigan bitiruvchilarni tarbiyalashda pedagoglarning masʼuliyati tushuntirib berildi.

Yaqinda qabul qilingan 2022-2026-yillarda xalq taʼlimi sohasini rivojlantirish boʻyicha milliy dastur va uning ijrosiga qaratilgan farmon va qarorning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Uchrashuv yakunida sohadagi islohotlarni amalga oshirishda pedagoglardan tortib, maktab direktori, tuman xalq taʼlimi boʻlimi va viloyat boshqarmasi xodimlarining shaxsiy javobgarligi belgilab berildi.

Taʼlim muassasalaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan hududiy dasturlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda maktablarda oʻquvchilar uchun munosib sharoitlarni yaratish, mahalliy hokimliklar moddiy-texnik bazasini, xalq taʼlimi boʻlimlari maktabdagi mazmun, yaʼni sifatli taʼlimni taʼminlab berishi zarurligi tushuntirildi.