Asli, Guliston tumanining Yulduz mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 28 yashar Salohiddin Mahmudov 2011-yildan buyon surunkali piyelonefrit asorati, surunkali buyrak yetishmovchiligi dardidan qiynalib, ikki yildan beri Guliston tibbiyot klasterining Nefrologiya va gemodializ boʻlimida davo muolajalarini olib kelardi. Ammo, ahvol maqtaydigan darajada boʻlmaganligi sabab 2022-yil dekabr oyida V. Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy markaz mutaxassislariga murojaat qilgandi.
Tashxis aniq, davo choralari ham. Ammo, donor masalasi muammoday koʻringandi. Bu masala ham ijobiy yechim topdi. Unga akasi Oybek Mahmudov uz buyragini beradigan boʻldi.
Ushbu amaliyotni V. Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy markazi bosh mutaxassisi Zohid Matkarimov rahbarligida ushbu markaz va mahalliy mutaxassislardan iborat brigada oʻtkazdi.
— Oqoltinda oʻtkazilgan buyrak transplantatsiya amaliyoti, tuman tarixida birinchisi boʻlsa, viloyatda uchinchisi hisoblanadi, — deydi Guliston tibbiyot klasteri xirurg-transplantologi Sherzod Toshmamatov. — Bundan bir muddat avval Guliston tibbiyot klasterida samarqandlik va sirdaryolik fuqarolarda shu turdagi amaliyotni oʻtkazgandik. Joriy yilda esa, buyrak transplantatsiyasi bilan bogʻliq 25 ta shu turdagi amaliyotni Sirdaryo viloyatida oʻtkazishni rejalashtirib turibmiz.
Oqoltinda buyrak transplantatsiya bilan bogʻliq, murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini oʻz boshidan oʻtkazgan, aka-uka Salohiddin va Oybekjonlarning salomatligi yaxshi. Ular shifokorlar nazoratida.
— Ota-ona uchun, bundanda ortiq baxt bormi, — bemor aka-ukalar otasi, Sodiq Mahmudov. — Bu kunlarni uzoq kutdik. Ikki oʻgʻlimni bir nafardan farzandi bor. Men va turmush oʻrtogʻim quvongani kabi ular ham quvonib oʻtiribdi. Qolaversa, xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berilgani, qiynalgan va ogʻir ahvolda turgan ota-ona uchun kutilmagan tuhfa boʻldi.
Gʻulom Primov,
Sirdaryo viloyat
Sogʻliqni saqlash boshqarmasi
matbuot kotibi.