Farmonga koʻra, tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- “aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” tamoyilini hayotga toʻliq joriy etish maqsadida tuman (shahar) hokimliklarini aholi va tadbirkorlarga kompleks xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy tuzilmaga transformatsiya qilish;
- mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishda tuman (shahar) hokimliklarining maʼmuriy vakolatlarini yanada kengaytirish;
- tuman (shahar) hokimlarining hududiy rivojlanishga oid ustuvor vazifalari va masʼuliyat doirasini aniq belgilash.
2026-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta hamda Surxondaryo viloyatining qolgan barcha tuman (shahar) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining belgilangan tuman (shahar) boʻlinmalari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Tajriba-sinov davrida:
- tuman (shahar) hokimlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) boʻlinmalari faoliyati ustidan bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishini tashkil etadi.
Tajriba-sinov davrida hokim oʻrinbosarlarining cheklangan soni Surxondaryo viloyati hokimligida 6 nafar, tuman (shahar) hokimliklarida 4 nafar etib belgilanadi.