Forumda jami 70 dan ortiq davlat ishtirok etyapti. Mazkur keng koʻlamli tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Mamlakatimiz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ishtirok etyapti.
2012-yildan boshlab BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar – BMT YEEK, YUNESKO, YUNISEF, JSST ishtirokida WSIS doirasida har yili mamlakatlar, shaharlar va mintaqalar oʻrtasida ijtimoiy ahamiyatga ega IT xizmatlarini yaratishda erishilgan yutuqlariga bagʻishlangan “WSIS Prizes” tanlovi oʻtkazib kelinadi. Tanlovdan koʻzlangan maqsad hayotning barcha jabhalarida joriy etishga moʻljallangan muvaffaqiyatli xalqaro tajribalarni aniqlashdan iborat.
“WSIS Prizes” mukofotiga butun dunyo boʻylab ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish maqsadida AKT salohiyatini ishga soluvchi koʻzga koʻringan loyihalar 18 ta nominatsiya boʻyicha loyiq koʻriladi.
IT Park tomonidan amalga oshirilgan Tumaris.Tech loyihasi “Capacity building” nominatsiyasida gʻolib chiqib, ushbu yoʻnalish boʻyicha sovrinni qoʻlga kiritdi.
Tumaris.Tech – IT Park Uzbekistan tomonidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan biri. U 2020-yil iyul oyida ishga tushirilgan.
Tumaris.Tech dasturi ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Loyiha bir necha tarkibiy qismlardan iborat. U ayollarning AKT ekotizimiga jalb etilishini oshirishga qaratilgan boʻlib, BPO (Business Process Outsourcing) ni rivojlantirishdan tortib, frilanser sifatida ishlashni xohlovchi ayollarga taʼlim berish, startaplarni rivojlantirish, va investiwiyalar boʻyicha treninglargacha boʻlgan yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.
Ikki yil ichida loyiha 30 ta startap koʻrinishida oʻz samarasini berdi va 200 dan ortiq qizlar IT sohasida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. Hozirda loyiha Markaziy Osiyo boʻylab kengaymoqda, endilikda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikiston vakillari ham Tumaris.Tech dasturlarida ishtirok etishlari mumkin, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: World Summit on the Information Society Forum 2022 15-martda virtual formatda oʻz ishini boshladi va yakuniy hafta 2022-yil 30-maydan 3-iyuniga qadar Jenevada boʻlib oʻtadi. WSIS 2022 forumining bu galgi shiori “AKT: farovonlik, inklyuzivlik va barqarorlik uchun. Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) yoʻlida WSIS doirasidagi hamkorlik”.