Turar-joylarni ijaraga berishning Yagona elektron reyestrini yuritish va ularni sertifikatlash tartibi joriy qilindi

    Turizm 3 Iyul 2021 1576

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qarori bilan Turar-joylarni ijaraga berishning Yagona elektron reyestrini yuritish va ularni sertifikatlash tartibi toʻgʻrisida tegishli Nizom tasdiqlangan boʻlib, bunda amaldagi avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturda (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ijaraga beriladigan turar-joylar va yashovchilar hisobini yuritish, shuningdek, ularni sertifikatlashtirish va Turar-joylarni ijaraga berishning yagona reyestrini yuritishning tartibi belgilangan.

    Ushbu Nizomga koʻra:

    • jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan, turistlarga oʻttiz kungacha ijaraga beriladigan turar-joylarni roʻyxatga olishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan oʻzaro hamkorlik qilishga;
    • jismoniy va yuridik shaxslar tasarrufida boʻlgan, turistlarga oʻttiz kungacha ijaraga beriladigan turar-joylarni roʻyxatdan oʻtkazishda;

    (Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi turistlarni oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatga vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazishda, hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilish hollari bundan mustasno);

    • turistlarga ijaraga beriladigan turar-joylarni, shu jumladan ijarachilarni soliqqa solish va turistlarni turgan joyi boʻyicha oʻttiz kungacha vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uchun turar-joylarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritishga;
    • ijaraga beriladigan turar-joylarni sertifikatlashtirishga tatbiq etiladi.

    Turar-joylarni ijaraga berishning yagona reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Turizm xizmatlarni sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan yuritiladigan ijaraga beriladigan Turar-joylar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasida amalga oshiriladi.

    Bunda ijaraga beriladigan turar-joy belgilangan normativ talablarga javob berishi lozim.

    Turar-joy ijarasi elektron shaklda Dastur orqali amalga oshiriladi.

    Xususan, turar-joyni sertifikatlash va Reyestrga kiritish arizani Dasturda roʻyxatdan oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

    Arizachi turar-joyni sertifikatlash va Reyestrga kiritish uchun internet tarmogʻida onlayn rejimda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi:

    • arizachining pasport maʼlumotlari — jismoniy shaxslar uchun;
    • davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi — tadbirkorlik subyektlari uchun;
    • koʻchmas mulkka boʻlgan huquqining davlat reyestridan koʻchirma.

    Reyestr maʼlumotlar bazasi onlayn rejimda yangilanadi.

    Reyestr Markazning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan holda elektron shaklda yuritiladi.

    Ijaraga beriladigan turar-joylarni sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda ularni Reyestrga kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

    Markaz tomonidan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni bir ish kuni davomida oʻrganib chiqadi, oʻrganish natijalari yuzasidan turar-joyni Reyestrga kiritadi va bu haqida arizachiga avtomatik rejimda QR-kod sanoqli tizimidan foydalangan holda elektron shaklda bildiriladi.

    Bunda yongʻin va sanitariya-gigiyena xavfsizligini taʼminlash ijaraga beruvchining zimmasiga yuklatilib, zarur hollarda ikki yoki undan koʻp xorijiy tillarda yongʻin xavfsizligi choralari toʻgʻrisida eslatmalar (yoʻriqnomalar) oʻrnatilishini taʼminlaydi.

    Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim Dastur orqali avtomatik rejimda undiriladi:

    • jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) uchun — har bir turar-joy uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida;
    • yuridik shaxslar uchun — har bir turar-joy uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir barovari miqdorida undiriladi.

    Turar-joyni ijaraga berish muddatlari (yiliga 120 kundan ortiq) oshib ketganligi borasida jismoniy shaxslarni tadbirkorlik subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtish zarurligini xabardor qilish dastur orqali amalga oshiriladi.

    Eslatib oʻtamiz, turar-joyni Reyestrdan chiqarish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

    • agarda turar-joy bir yil davomida ijaraga berilmagan boʻlsa;
    • arizachi tomonidan Dasturga ishonchsiz maʼlumotlar (qalbaki hujjatlar) kiritilganda;
    • turar-joy egasi tomonidan Reyestrdan ixtiyoriy ravishda chiqarish toʻgʻrisida ariza berilsa;
    • turar-joy egasi tomonidan Nizomning shartlari va talablari bajarilmasa;
    • turar-joy egasi — yuridik shaxsning faoliyati tugatilsa yoxud toʻxtatilsa;
    • joylashtirish vositalari tomonidan normativ hujjatlar talablarining surunkali ravishda buzilishi holatlari aniqlansa.

    Shu bilan birga, Markaz tomonidan turar-joy egasining belgilangan tegishli qator talablarga rioya qilinishi monitoring qilinadi. Bular:

    • tegishli talablarning buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olish;
    • ularda koʻrsatiladigan xizmatlarning joylashtirish vositalariga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini oʻrganish;
    • turar-joy egalarining ijaraga berilgan turar-joyda yashash sifati va xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish
    • manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yongʻin xavfsizligi talablariga amal qilish, gaz va elektr qurilmalarining xavfsiz ishlatilishi yuzasidan oʻrganishlarni amalga oshirishdan iborat.

    Shu oʻrinda, turar-joy egalari va Markazning huquq va majburiyatlari ham tegishlicha belgilab oʻtilgan boʻlib, Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.