Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Oʻtkir Saidov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida boʻlib, hududlardagi turizm obyektlari, koʻngilochar maskanlar hamda hududiy boshqarmalarda davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, davlat tilida ish yuritish holati bilan yaqindan tanishdi.
– Mamlakatimizda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligi yoʻlida tashlangan dadil qadamdir, – dedi Oʻ.Saidov. – Oʻttiz ikki yildan buyon mazkur qonun xalqimizni ezgu islohotlar yoʻlida birlashtirib, tinch, obod va toʻkin hayot qurishdek ulugʻvor ishlarga undaydigan beqiyos kuch sifatida namoyon boʻlmoqda. Ona tilimiz xalqaro minbarlarda baralla yangrab, uning dunyodagi oʻrni va nufuzi oshmoqda. Soʻnggi yillarda “Oʻzbek tili bayrami kuni” keng nishonlanayotgani ham yurtimizda davlat tiliga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin ifodasidan dalolatdir.
Masʼullar tomonidan oʻrganish natijalari hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar tayyorlanib, zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirildi.
Hududlarda turizm obyektlari va koʻngilochar maskanlarga nom berilishi hamda peshtaxta yozuvlarining qonun hujjatlariga muvofiqligini oʻrganish ishlari davom etmoqda.