Tadbirni ochib bergan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov yurtimizda turizm sohasida koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

“Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan joriy yilda soha tadbirkorlariga koʻplab yangi imtiyozlar yaratildi, dolzarb muammolarga yechim topildi. Jumladan, yangi mehmonxonalar qurish, dunyoning nufuzli mehmonxona brendlarini jalb etish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar 2027-yilgacha uzaytirildi, — dedi vazir. — Shuningdek, toʻsiqsiz, inklyuziv turizmga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga mamlakat boʻylab sayohatlarining 50 foizi, mehmonxonalarga nogironlarga oʻz obyektlarini moslashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bundan tashqari, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Xalqaro turizm akademiyasi ochildi”.

Taʼkidlash joizki, islohotlarning samarasi oʻlaroq Oʻzbekistonning turizm borasidagi xalqaro imiji yaxshilandi. “The New York Times”, “The Guardian”, “The Independent”, “Global Muslim Travel Index”, “National Geographic Traveler Awards”, “Lonely Planet” va boshqa yetakchi xorijiy nashrlar yurtimizning turizm salohiyatini yuqori baholadilar.

Tadbir davomida turizm rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan sanʼat va madaniyat arboblari, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining 60 nafari “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Koʻkrak nishonini Aziz Abduhakimov tantanali tarzda topshirdi va taqdirlanganlarning keyingi faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

“2030-yilga kelib yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 15 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Ishonchim komilki, sizlar bilan birga buni uddalaymiz va yana koʻplab qiziqarli loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz”, — dedi vazir.

Tadbir soʻnggida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun, “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoni Prezidentning 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5781-sonli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan taʼsis etilgan.