Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 1-martgacha "Ipak yoʻli" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi professional taʼlim muassasalariga xalqaro darajada tan olingan taʼlim dasturlarini "franshiza" asosida joriy etish choralari koʻriladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
— 2024/2025 oʻquv yiligacha turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalari boʻyicha oliy taʼlim dasturlarini jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli OTMlarning taʼlim dasturlari asosida qayta koʻrib chiqadi;
— turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalariga oid oliy taʼlim yoʻnalishlarining dual taʼlim shakli boʻyicha Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi malaka talablari hamda taʼlim dasturlarini ishlab chiqadi;
— belgilangan OTMlar huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat koʻrsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha kurslarni tashkil etadi.
Shuningdek, restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi tashkil qilinadi.