O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish (“O‘zstandart”) agentligining qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan ishlab chiqilgan yangi davlat standarti tasdiqlandi.

Yangi O‘z DSt 37.001-2020 standarti “Korxonalar faoliyatining xavfsiz sharoitlarini standartlar tizimi. Turistik industriya obyektlarida xavfsiz turistik xizmatlar ko‘rsatishga doir tavsiyalar”ni o‘z ichiga olgan. Standart Sayohat va turizm bo‘yicha xalqaro kengashning (WTTC) “Safe Travels: Global Protocols & Stamp for the New Normal” bayonnomalari, Ispaniyaning “Medidas para la reducción del contagio por el coronavirus SARSCoV-2 Instituto para la Calidad Turística Española (ICTE)” va Turkiyaning “Assessment form on Covid-19 and hygiene practices applied during pandemic for accommodation and food & beverage facilities” hujjatlari asosida ishlab chiqildi. Ushbu standart turizm xizmatlarini taqdim qiladigan tashkilotlar tomonidan qo‘llanishi uchun mo‘ljallangan. Yangi standart infeksion kasalliklarning ommaviy tarqalishi (epidemiya, pandemiya) va undan keyingi davrda turistik industriya obyektlari ishchi va xodimlarining salomatligini himoya qilish uchun maqbul mehnat sharoitini va jarayonini tashkil etish, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, sayyohlarning salomatligini taʼminlash maqsadida ularga sanitariya-gigiyenik xavfsiz xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi va qo‘llanilishda ixtiyoriylik kasb etadi.

Standartdagi tavsiyalar turistik obyektlarda, jumladan joylashtirish vositalari, transport, umumiy ovqatlanish obyektlari va ko‘ngilochar, maʼrifiy, ishbilarmonlik, davolash-sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya-sport obyektlarda taqdim etiladigan xizmatlarga tatbiq etiladi. Shuningdek, standart obyektlarni tekshirish, baholash yoki tan olish vaqtida ham qo‘llanilishi mumkin. Ushbu standart talablariga muvofiq sertifikatlashtirilgan obyektlarga maxsus tanitish belgisi taqdim qilinadi.