Turizm sohasida Yaponiyaning Nara prefekturasi bilan hamkorlik rivojlantiriladi

    Turizm 1 Noyabr 2024 407

    Joriy yil 29-oktyabrda Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev Yaponiyaning Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida xorijiy tomonga oxirgi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari yetkazildi.

    M. Yamashita Nara prefekturasi xorijiy mehmonlarga qulaylik yaratish uchun turizm infratuzilmasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotganini aytib, bu borada Oʻzbekiston bilan tajriba almashishga qiziqishini bildirdi.

    Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonning Yaponiyada oʻtkaziladigan xalqaro sayyohlik koʻrgazmalarida ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan navbatdagi “TXTY-2024: Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi”da Yaponiya tomoni vakillarining keng ishtiroki masalalari ham muhokama qilindi.

    Tashrif davomida M. Yamashita Oʻzbekiston turizm biznesi vakillari bilan ham uchrashuvi tashkil etildi.

    Uchrashuvda Nara prefekturasida Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻibotiga bagʻishlangan turli PR-kampaniyalar, festival va tadbirlarni oʻtkazish, hamda talabalar uchun oʻquv kurslari, yapon tili gid-tarjimonlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.