Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm, sport va madaniy meros obyektlarini asrash borasida keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi qonun, farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi, amaldagilarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Maqsad ochiq osmon ostidagi muzey deya eʼtirof etilgan qadim shaharlarimiz, bebaho tarixiy obidalarimizni dunyoga tanitish orqali mamlakatimizda turizmni yana-da rivojlantirish, xalqimizni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish orqali sogʻlom turmush tarzini hayotga tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishdir.
Ammo, bu sohalarni bugungi kun talab va takliflari darajasida yana-da rivojlantirish borasida bir qator kamchiliklar koʻzga tashlanyapti. Jumladan, raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik, xususiy sektorning ushbu yoʻnalishlardagi rolini oshirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ilgʻor xorijiy tajribaga tayanib, ushbu yoʻnalishlardagi infratuzilmani yana-da rivojlantirish, obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha oʻz yechimini topmagan masalalar mavjud.
Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni aynan yuqorida qayd etilgan masalalarni hal qilishda muhim omil boʻladi.
Farmon bilan turizm, jismoniy tarbiya va sport, madaniy merosning davlat boshqaruvi yagona vazirlik tasarrufida birlashtiriladi. Vazirlik huzurida Madaniy meros agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari tashkil etiladi. Shunga koʻra, Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qoʻriqxonalar va uy muzeylari, moddiy-madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va “Moziydan sado” jurnali mazkur Agentlikka oʻtkazildi.
Bosh prokuratura tashkiliy-shtat tuzilmasida madaniy meros sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish boʻyicha tegishli boʻlim tashkil etiladi. Ikkita oliy taʼlim muassasasida esa madaniy meros obyektlarini asrash fakulteti ochiladi. Madaniyat vazirligining moddiy-madaniy meros sohasidagi YUNESKO bilan ishlash hamda muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish bilan bogʻliq vazifa va funksiyalari tegishliligicha Turizm va sport vazirligi hamda Madaniy meros agentligiga oʻtkazildi.
Turizmni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish, moddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, oqilona foydalanish va ularni YUNESKO madaniy merosi roʻyxatiga kiritish biz, deputalarning ham eng ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Shu maʼnoda, ushbu farmon bu boradagi maqsadlar va rejalarni roʻyobga chiqarishda dasturulamal boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.
Ahmadjon GʻANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati