Mazkur tanlov Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Geografiya jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga doir ilmiy-innovatsion loyihalar taklif qila oladigan iqtidorli talabalar saralandi.
Tanlovda mamlakatimizning 35 ta oliy taʼlim muassasasidan 150 dan ortiq talaba ishtirok etdi. Ishtirokchilar turizmni raqamlashtirish, ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, turistik obyektlarni modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi yoʻnalishlarda loyihalarni taqdim etdilar.
Gʻoliblarga faxriy diplomlar va pul mukofotlarini Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Niyazov topshirdi.
Tanlov yakuniga koʻra, 1-oʻrinni Toshkent xalqaro kimyo universitetining Samarqand filiali talabasi Javlon Rustamov “Aloqa yordamida tarixiy joylar va madaniyatni oʻrganish” loyihasi bilan (Abu Rayhon Beruniy nomidagi virtual gid yordamida) qoʻlga kiritib, 5 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
2-oʻrin Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistranti Abdulkodirxoʻja Abdullaxoʻjayevga (“Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro bolalar va oʻsmirlar turizmini rivojlantirish” loyihasi uchun) nasib etdi va 3 million soʻm bilan mukofotlandi.
3-oʻrin bilan Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti magistranti Kseniya Vlasova (“Oʻzbekiston milliy tarixiy-madaniy muzeyini modernizatsiya qilish” loyihasi bilan) 2 million soʻm mukofotni qoʻlga kiritdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Shuningdek, gʻolib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovgʻalari ham topshirildi.