O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari vazir Jamshid Xodjayev boshchiligida hamda mamlakatimiz sohaga oid idoralari rahbarlari ishtirokida Turkiya qishloq va o'rmon xo'jaligi vaziri Bekir Pakdemirli boshchiligidagi Turkiyaning katta delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Tashrif doirasida ikki mamlakat agrosanoat salohiyati asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni  mustahkamlash va faol rivojlantirishga qaratilgan siyosiy va biznes darajasidagi uchrashuvlar o'tkazildi.

Muzokaralar doirasida uchta hujjat:

  • Agrosanoat sohasida strategik sheriklikni kengaytirish bo'yicha Yo'l xaritasi;
  • O'zbek-turk qo'shma ishchi guruhining qishloq xo'jaligi sohasidagi uchinchi yig'ilishi yakuniy bayonnomasi;
  • Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va taraqqiyoti sohasida ikki mamlakat agrar vazirliklari o'rtasidagi hamkorlik maqsadlari yuzasidan bayonnoma imzolandi.

Tadbirning asosiy qismida O'zbek—Turk biznes forumi ham bo'lib o'tdi. Asosan qishloq xo'jaligi sohasidagi o'zaro ta'sir doirasini kengaytirishga qaratilgan biznes-forumda Turkiya va O'zbekistonning davlat tashkilotlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.

— Qishloq xo'jaligining salohiyati 2019-yildan buyon bugungi kunga qadar 66 ta loyiha doirasida 401 mln dollar turk investitsiyalarini jalb etgan, — deydi Jamshid Xodjayev. — Bugungi kunga qadar 42 ta loyiha to'liq ishga tushirilgan. Paxta va g'alladan tashqari 80 dan ortiq turdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatiga baho berildi. Kuni kecha biz turkiyalik tadbirkorlar bilan muloqot qilib, muammolar, to'siqlar va takliflar borasida so'zlashdik. Albatta muammolarni bartaraf etish va qiziqarli takliflarni amalga oshirish ustida ishlaymiz. Davlat-biznes, biznes-biznes formatdagi turli darajadagi muloqot platformalarini yaratish har ikki taraf ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish, investitsiya va yangi texnologiyalarni jalb etishning asosiy vositalaridan biri bo'lib, bu pirovardida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi.