“Turk havo yoʻllari” Istanbuldan Fargʻonaga ilk parvozini amalga oshirdi

    Transport 8 Iyun 2021 1932

    Bugun 8-iyun kuni “Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasi Istanbuldan Fargʻonaga ilk parvozini amalga oshirdi. Istanbuldan 165 nafar yoʻlovchi bilan Fargʻona xalqaro aeroportiga kelib qoʻngan samolyot tantana bilan kutib olindi.

    Fargʻona xalqaro aeroporti direktori Timur Xalilov va “Turk havo yoʻllari”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Selim Qahriman samolyot trapi oldida ramziy lenta qirqdilar, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

    Turk pilotlar hamda ekipaj aʼzolari non hamda gullar bilan kutib olindi.

    Dunyodagi eng yirik avikompaniyalardan biri, jahonning 120 dan ziyod davlatlariga, 300 ortiq aeroportlarga charter va muntazam reyslarni amalga oshirib kelayotgan “Turk havo yoʻllari” samolyotlari haftaning seshanba va juma kunlari Istanbul-Fargʻona-Istanbul yoʻnalishida qatnovlarni amalga oshiradi.

    Eslatib oʻtamiz, “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan 2021-yil 15-aprelda Turkiya Respublikasining “Turkish Airlines” aviakompaniyasiga Istanbul-Urganch-Istanbul va Istanbul-Fargʻona-Istanbul yoʻnalishlarida Oʻzbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgan.